Ўзб Рус Eng
Охирги янгиланиш : 25.06.2022



01:22:51 (GMT +5), Дш, 27 июн 2022

Mualliflik huquqini buzgan xonandalar javobgarlikka tortildi

Аҳамият беринг

Mualliflik huquqini buzgan xonandalar javobgarlikka tortildi


Ma’lumki, so‘nggi vaqtlarda kuy, qo‘shiq, asarlar va boshqa mualliflik huquqi obyektlarini muallif ruxsatisiz o‘zlashtirish holatlari ko‘plab uchramoqda. Shuni ta’kidlash lozimki, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra asarni nashr qilish, omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning o‘ziga, nomiga va muallifning ismi-sharifi ko‘rsatilishiga biron-bir o‘zgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston va Turkmaniston Respublikalari xalq artisti Bobomurod Xamdamov ijrosidagi qo‘shiqlar muallif ruxsatisiz foydalanilganligi yuzasidan qonuniy chora ko‘rish to‘g‘risidagi murojaat ko‘rib chiqildi.

Murojaatni ko‘rib chiqish davomida Bobomurod Xamdamovga tegishli bo‘lgan qo‘shiqlar fuqarolar O. Quvatov, U. Quvatov va Sh. Bekmurodovlar tomonidan huquq egasi ruxsatisiz hamda tegishli tartibda shartnoma tuzmasdan ijro etilganligi aniqlandi.

Vaholanki, Qonunning 19-moddasiga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslar asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan, shu jumladan mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkinligi belgilangan.

Holat yuzasidan fuqarolar O. Quvatov, U. Quvatov va Sh. Bekmurodovlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 177(1)-moddasi birinchi qismi bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, javobgarlik masalasini ko‘rib chiqishlik uchun tegishli tartibda sudga yuborildi.

Sudning qaroriga ko‘ra, huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 177(1)-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etganligi uchun tegishli tartibda jarima jazosi tayinlandi.

Darhaqiqat, har qanday huquqbuzarlik uchun qonunda belgilangan tartibda jazo muqarrar. Shunday ekan, muallif huquqini hurmat qilish hamda o‘zganing ijod namunasidan foydalanishda albatta ruxsat olishni hamda shartnoma tuzishni unutmang.

Hurmatli ijod vakillari, mualliflik huquqlaringizni himoya qilish uchun Adliya vazirligi Mualliflik va turdosh huquqlar boshqarmasiga murojaat qiling yoki mualliflarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarga a’zo bo‘ling. Murojaat uchun telefon: (71) 232 50 65.