Ўзб Рус Eng
Охирги янгиланиш : 25.06.2022



12:43:07 (GMT +5), Яш, 26 июн 2022

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R. Davletov Turkiya Respublikasi Oliy kassatsiya sudi Bosh prokurori B. Shaxin bilan uchrashdi

Аҳамият беринг

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R. Davletov Turkiya Respublikasi Oliy kassatsiya sudi Bosh prokurori B. Shaxin bilan uchrashdi


Joriy yilning 23-may kuni adliya vaziri Ruslanbek Davletovning Turkiya Respublikasi Oliy kassatsiya sudi Bosh prokurori Bekir Shaxin bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv avvalida tomonlar bir birlarini samimiy qutlab, ikki qardosh davlat oʻrtasida turli yoʻnalishlarda yaqin hamkorlik aloqalari mustahkamlanib, rivojlanib borayotganligini mamnuniyat bilan taʼkidlab oʻtdilar.

Shuningdek, adliya va huquq sohasidagi hamkorlik aloqalari ham jadal suratlar bilan rivojlanib borayotganligi eʼtirof etilib, ushbu sohada ikki davlatda ham yuz berayotgan oʻzgarishlar va yangilanishlarni kuzatib borayotganliklari haqida toʻxtalib oʻtdilar.

Uchrashuv davomida adliya vaziri mehmonlarni vazirlik faoliyati, uning vazifalari, Oʻzbekistonda adliya va huquq sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar bilan tanishtirdi.

Xususan, Аdliya vazirligining xalqaro hamkorlik faoliyati doirasida Turkiya Аdliya vazirligi bilan ham huquqning turli sohalarida samarali hamkorlik aloqalari rivojlanib kelayotganligini, xususan joriy yil 29-mart kuni ikki vazirliklar oʻrtasida sud ekspertizasi sohasida ham hamkorlik memorandumi imzolanganligi taʼkidlanib, bu oʻz navbatida ikki huquqiy tizimning tegishli sohalarini yanada rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshishi aytib oʻtildi.

Oʻz oʻrnida, Bekir Shaxin Turkiyaning adliya, prokuratura va sud tizimlari haqida, xususan ushbu idoralarning oʻziga xosliklari, vakolatlarning taqsimlanishi, ushbu tizimlardagi xodimlar rotatsiyasi, uning afzalliklari haqidagi maʻlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

Shuningdek, tomonlar ikki davlat qonunchiligining turli sohalaridagi tendensiyalar yuzasidan fikr almashdilar hamda ikki tashkilot faoliyatini yaqindan oʻrganish maqsadida hamkorlikdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha takliflarni qoʻllab-quvvatladilar.

Uchrashuv soʻngida kelgusida ikki davlatlar oʻrtasida tajriba almashish boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan kelishib olindi.

Аdliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi