Ўзб Рус Eng
Охирги янгиланиш : 26.05.2022



14:55:58 (GMT +5), Пш, 26 Мая 2022

Adliya vazirligi: Qurilishga oid talablar soddalashtirilmoqda

Аҳамият беринг

Adliya vazirligi: Qurilishga oid talablar soddalashtirilmoqda


Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurilish sohasiga oid talablarni soddalashtirish hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish uchun Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Mazkur loyihada quyidagilar nazarda tutilgan:

◊ shaharsozlik normalari va qoidalarini birlashtirish yo’li bilan tizimlashtirish, bugungi kunda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlarni bekor qilish;

◊ qurilish obʼyektining yakuniy holatiga boʻlgan talablarni belgilab beruvchi qurilishni normalashning parametrik usulini qo‘llash;

◊ jismoniy va yuridik shaxslarga shaharsozlik faoliyati sohasida xorijiy normativ hujjatlarini belgilangan shartlar asosida qoʻllashga ruxsat berish;

◊ qurilish sohasida narxlarni shakllantirishda asos bo‘luvchi smeta qoidalarini smeta normativlari shaklida tasdiqlash va ochiqlikni taʼminlash;

◊ qurilish sohasidagi oʻzini oʻzi boshqaruvchi notijorat tashkilotlarga aʼzo boʻlish tartibini joriy etish orqali arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash tartibini bekor qilish;

◊ qurilish sohasidagi yakka tartibda uy-joy qurish (rekonstruksiya qilish) boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini kelishish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini bekor qilish;

◊ xususiy sektordagi yuridik shaxslarga qurilish-montaj ishlarida qurilish nazoratini amalga oshirish huquqini berish;

◊ texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasiga tizimli ravishda joylashtirilishini ta’minlash;

◊ sunʼiy yoʻldosh va boshqa uchuvchisiz uchish apparatlari orqali yerni masofadan zondlash va yoʻldoshli aloqa kosmik apparatlarini qoʻllash orqali qurilishda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi monitoring qilish tartibini takomillashtirish;

◊ innovatsion jarayonlarini, yangi turdagi materiallar va mahsulotlarni sinovdan oʻtkazishga moʻljallangan “Trial pool” – sinov maydonini tashkil etish.

Loyiha matni bilan quyidagi havola orqali oʻtib, tanishish va takliflar qoldirish mumkin:

https://regulation.gov.uz/oz/d/54225

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi