Ўзб Рус Eng
Охирги янгиланиш : 21.01.2022



04:57:49 (GMT +5), Яш, 23 янв 2022

Huquqiy axborot tarqatishning zamonaviy tizimi

Аҳамият беринг

Huquqiy axborot tarqatishning zamonaviy tizimi


Bugun, 21-dekabr kuni Adliya vazirligi huzuridagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazining faoliyati sarhisobiga bagʻishlangan tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Lex.uzning yangi versiyasi ishga tushirilganligi qayd etilib, unda yangi funksiyalar joriy etilganligi taʼkidlandi. Jumladan, “Aqlli” izlash funksiyasi, soʻz oʻzagi, qisqartmalar, xato soʻzlar, sinonimlar boʻyicha izlash algoritmi yaratilganligi, izoh qoldirish imkoniyati, imloviy xato haqida xabar berish yoki foydalanuvchi fikr-mulohazalarini bildirish imkoniyati mavjudligi, mobil telefon orqali foydalanish qulaylashganligi, Android va iOS operatsion tizimlari uchun yangi versiya ishlab chiqilganligi, Lex.uz va boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyasi yoʻlga qoʻyilganligi yangilik sifatida taʼkidlandi.

Shu bilan birga Milliy bazada roʻyxatdan oʻtish joriy etilganligi, hujjatlar kutubxonasi yaratilganligi, normativ-huquqiy hamda operativ, tashkiliy va boshqa xususiyatga ega hujjatlarni alohida joylashtirish mexanizmi ishlab chiqilganligi alohida qayd etildi.

Maʼlumot uchun: Bugungi kunda Lex.uzga 30 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar joylashtirilgandi. Lex.uzga doimiy kiruvchilari soni bir kunda 55-60 ming nafarni tashkil etadi. Koʻrishlar soni 240-250 mingta (bir oyda oʻrta hisobda 5.3 mln.ta)ga yetdi. Lex.uzdan bir oyda 1,5 mln. odam foydalanmoqda.

Milliy baza sayti foydalanuvchilari haqidagi raqamlarni dunyo boʻyicha solishtirganda unchalik ham katta raqam koʻrinmasa-da, www.lex.uz www.uz reytingida barcha kategoriyalar boʻyicha 13-oʻrin, maʼlumot beruvchi saytlar roʻyxatida 3-oʻrinda, qonun va huquq yoʻnalishida 1-oʻrinda saralangan. Saytning doimiy kiruvchilar soni bir kunda taxminan 71-72 mingtani, koʻrishlar soni esa 208-221 mingta (oʻrtacha hisobda oyiga 5.2 mln.)ni tashkil etadi.

Tadbirda markazning eng muhim loyihalardan yana biri bu oʻz-oʻziga huquqiy xizmat koʻrsatish – “Legal Tech” elektron axborot tizimi haqida ham maʼlumot berildi. Buyuk Britaniya, Kanada, Italiya, Germaniya, Avstriyada va Rossiya kabi rivojlangan mamlakatlarning bu boradagi ijobiy tajribasi oʻrganilib, mazkur sohadagi faoliyat yuritib kelayotgan saytlar tahlil qilinganligi, bu elektron tizim yuristlar yoki advokatlar ishtirokisiz huquqiy hujjatlarni, xususan, yuridik shaxslar faoliyatida foydalaniladigan korporativ hujjatlar namunalarini, jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan shartnomalar, arizalar, iltimosnomalar, bitimlar kabi boshqa huquqiy hujjatlar namunalarini avtomatlashtirilgan holda elektron shaklda tayyorlash imkoniyatini berishi haqida fikr bildirildi.

Tizimning ishga tushirilishi nafaqat foydalanuvchilarga balki davlat organlariga ham katta qulaylik yaratishi, endilikda huquqiy hujjatlar tuzishda ortiqcha vaqt va resurs sarflanishining oldi olinishi, internetdan foydalanish imkoniga ega boʻlgan har bir shaxs hujjatni tizim orqali toʻgʻridan-toʻgʻri rasmiylashtirib olishi va bu xizmatlar mutlaqo bepul ekanligi taʼkidlandi.

Maʼlumot uchun:

Bugunga qadar 430 ga yaqin huquqiy hujjatlar boʻyicha maxsus soʻrovnoma savollari shakllantirilib, axborot tizimiga kiritilib, foydalanuvchilarga taqdim etilgan. Hozirga qadar tizimdagi hujjatlar 4841-marta yuklab olingan.

Saytning 6 ta boʻlimida sudga oid hujjatlar, shartnomalar, kelishuv, bitimlar, ishonchnomalar, korporativ hujjatlar, shaxsiy tarkibga oid hujjatlar, ariza, iltimosnomalar namunalari, notarial tasdiqlanadigan hujjatlar oʻrin olgan. Tizimdan foydalanishni yanada qulaylashtirish maqsadida boʻlimlar 71 ta sohaga boʻlingan.

Shuningdek, tadbirda Markaz tomonidan chop etilgan yangi muhim kitoblar taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Jumladan, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini oʻrgatishga bagʻishlangan “Xalq hokimiyatchiligi: asosiy tushunchalar”, “Fuqarolik: muhim maʼlumotlar”, “Shaxsiy huquqlar”, “Siyosiy huquqlar”, “Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar”, “Inson huquqlari: konstitutsiyaviy kafolatlar”, “Konstitutsiyaviy burchlaringizni bilasizmi?”, “Tadbirkorlik huquqi”, “Oila va uning huquqiy asoslari”, “Ommaviy axborot vositalari va soʻz erkinligi” nomdagi 10 ta kitobdan iborat toʻplam 10000 nusxada chop etilganligi maʼlum qilindi. Ushbu kitoblarda fuqarolar har doim duch keladigan muhim masalalarga oid huquq va majburiyatlari, fuqarolar uchun yaratilgan imtiyozlar va kafolatlar va boshqa muhim va foydali maʼlumotlar oʻrin olganligi qayd etildi.

Jumladan, taʼkidlanishicha, “Fuqarolik: muhim maʼlumotlar” kitobida fuqarolikka oid muhim qonunchilik normalari jamlangan boʻlib, fuqarolikka ega boʻlish va uni yoʻqotish asoslari, fuqarolikni tiklash, fuqarolikdan chiqish masalasi, fuqarosining identifikatsiya ID-kartasini rasmiylashtirish oid muhim maʼlumotlar yoki “Siyosiy huquqlar” nomli kitobda fuqarolarning kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga murojaat etish huquqi, jumladan, murojaatlarga qoʻyiladigan talablar, Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasiga murojaat yoʻllash tartibi, murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi va muddatlari, javobgarlik masalalari va boshqa fuqarolar uchun foydali boʻlgan maʼlumotlar oʻrin olgan. “Oila va uning huquqiy asoslari” nomli kitobda esa oilada duch kelinadigan turli masalalarga oid barcha savollarga javob topish mumkin.

Tadbir soʻnggida huquqiy axborotni tarqatish sohasida eng faol jurnalist va blogerlar ham taqdirlandi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi