Ўзб Рус Eng
Охирги янгиланиш : 21.01.2022



05:50:17 (GMT +5), Яш, 23 янв 2022

Konstitutsiya – taraqqiyotimizning huquqiy kafolati

Аҳамият беринг

Konstitutsiya – taraqqiyotimizning huquqiy kafolati


8-dekabr - Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun

Konstitutsiyaviy meʼyorlar va tamoyillarni hayotga tatbiq etish, fuqarolarning shaxsiy, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari hamda erkinliklarini toʻliq taʼminlash, davlat boshqaruvini amalga oshirish hamda isloh qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.

Bundan 29 yil oldin, yaʼni 1992-yil 8-dekabrda hayotimizning qomusi boʻlmish tarixiy hujjat - mustaqil Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.

Konstitutsiya - huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati, bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun obod va farovon hayot barpo etish, Oʻzbekistonning xalqaro maydonda munosib oʻrin egallashida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.

Konstitutsiya - lotincha “Constitution” – “tuzilish”, “tuzuk” soʻzlaridan olingan boʻlib, davlatning Asosiy qonuni degan maʼnoni bildiradi.

Konstitutsiya davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning oʻzaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning oʻzaro munosabatlarini belgilab beradi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy tafakkurining noyob namunasidir.

Darhaqiqat, Konstitutsiya tarixan sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni oʻzida mujassam etgan hujjat boʻlib, xalqimizning orzu-umidlarini aks ettirgani bilan qadrlidir.

Asosiy qonunimiz eng rivojlangan, taraqqiy topgan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratilgan boʻlib, inson huquqlari va davlat suvereniteti gʻoyalarini, oʻzbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasini, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalarini oʻzida mujassam etgan. Qomusimiz mustaqillikni mustahkamlash, har tomonlama taraqqiy etgan erkin fuqarolik jamiyati barpo etishning mukammal dasturilamali boʻlib xizmat qilmoqda.

Konstitutsiyada belgilangan ustuvor gʻoyalarni roʻyobga chiqarish borasida qabul qilingan qonun hujjatlari davlatimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch-osuda hayoti, fuqarolarimizning huquq va erkinliklari kafolati, yurtimizda bozor munosabatlari hamda xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning mustahkam poydevori boʻlib xizmat qilmoqda.

Jonajon Vatanimizning Bosh qomusi boʻlgan Konstitutsiyani oʻrganish va unga chuqur hurmat bilan qarash har birimizning yuksak fuqarolik burchimizdir.

Bunyod Azizov,
Adliya vazirligi masʼul xodimi.