Ўзб Рус Eng
Охирги янгиланиш : 18.08.2022



01:40:53 (GMT +5), Жм, 19 авг 2022

Adliya gʻoliblarni taqdirladi

Аҳамият беринг

Adliya gʻoliblarni taqdirladi


Bugun, 6-dekabr kuni Adliya vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Adliya vazirligi va uning tarkibiy boʻlinmalari xodimlari, jamoatchilik faollari ishtirok etdi.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov yigʻilganlarni kirib kelayotgan buyuk bayram — Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 29 yilligi bilan qutladi va Asosiy Qonunimiz nafaqat davlatning siyosiy va ijtimoiy tuzilishini, balki butun jamiyatdagi mavjud munosabatlarning huquqiy asosi ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

Inson huquq va manfaatlarini oliy qadriyat sifatida eʼlon qilgan Konstitutsiyamiz bugungi kunda Harakatlar strategiyasi doirasida Respublikamizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning ishonchli poydevori ekanligi taʼkidlandi.

Xususan, vazirlik tomonidan 2021-yil 9 oyi davomida huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun taqdim etilgan jami 1 929 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalaridan 1 694 tasi huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan, 235 tasi Vazirlar Mahkamasi Reglamenti talablariga muvofiq taqdim etilmaganligi sababli qaytarilgan.

Bundan tashqari, Adliya vazirligi tashabbusi bilan bir qator muhim qonun hujjatlari ishlab chiqilgan. Xususan, aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident Farmonlari qabul qilindi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi. 33 turdagi maʼlumot va hujjatlarni aholi hamda tadbirkorlardan talab qilinishi bekor qilindi. Buning natijasida yiliga oʻrtacha 2 mln.ga yaqin fuqaroning ovoragarchiligiga chek qoʻyildi va ularning qariyb 30 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻlari tejaladigan boʻldi.

Aholiga bepul yuridik yordam koʻrsatish tizimini yanada Vazirlik tomonidan huquqiy qoʻllash amaliyotini oʻrganish va tahlil qilish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2021-yiling oʻtgan davri davomida 11 ta davlat organlari va tashkilotlarida oʻrganishlar oʻtkazildi. Oʻrganish natijalariga koʻra 31 ta tahliliy maʼlumotnomalar yuqori turuvchi idoralarga kiritildi.

Shuningdek, yana bir muhim oʻzgarishlardan biri davlat organlari va tashkilotlariga elektron tartibda yuridik xizmat koʻrsatish imkonini beruvchi “E-huquqshunos” yagona elektron tizimi ishga tushirildi.

Aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida ham bir joyda toʻxtab qolganimiz yoʻq. 2021-yilning 9 oy davomida davlat xizmatlarini koʻrsatish markazlari tomonidan 7,2 mln. dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi, 12 ta davlat xizmatlari optimallashtirilib, 6 ta bepul davlat xizmatlari joriy qilindi, 23 ta maʼlumotnomalarni real vaqt rejimida olish imkoni yaratildi.

Shuningdek, davlat xizmatlari uchun talab etiladigan hujjatlar soni 181 tadan 86 taga kamaytirildi. Davlat xizmatlaridan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha toʻlangan toʻlovlar soddalashtirilgan tartibda bir ish kuni ichida qaytarilishi yoʻlga qoʻyildi.

Tadbirda “Huquqiy targʻibot ishlari aʼlochisi” koʻkrak nishoni oʻz sohiblariga topshirildi. Ushbu nufuzli mukofot bilan aholi orasida huquqiy madaniyani keng targʻib qilishda jonbozlik koʻrsatib kelayotgan turli kasb egalari va jamoatchilik faollari taqdirlandilar.

Bundan tashqari Adliya vazirligi tomonidan birinchi marotaba Konstitutsiyaviy sud bilan hamkorlikda fuqarolarning Konstitutsiya haqidagi bilimlarini sinovdan oʻtkazish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida oʻtkazilgan umummilliy Konstitutsiya imtihoni gʻoliblari taqdirlandi.

Imtihonda jami 50 ming nafardan ortiq ishtirokchi roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, ishtirokchilarning ijodiy savollarga javoblari baholanib 10 nafari final bosqichiga yoʻl olgan edi. Final bosqichi natijalariga koʻra 3 nafar fuqaromiz gʻolib deb topildi.

Bundan tashqari, bir guruh adliya xodimlari samarali mehnati, huquq ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirishda qoʻshayotgan hissasi uchun adliya vaziri buyrugʻi bilan taʼsis etilgan “Adliya aʼlochisi” koʻkrak nishoni hamda Faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo’limi